Telegram
Instagram
Facebook

Yangiliklar

61

Afg‘oniston va O‘zbekiston uglevodorod seysmik qidiruv ishlarini boshladi

Avval xabar berganimizdek, Balx viloyati hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mavlaviy Nurul Xodi Abu Idris boshchiligida, kompaniya bosh direktori Xayitboy Omonov ishtirokida Afg‘oniston Islom Amirligi Tog‘-kon sanoati va neft vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik doirasida Muhammad-Jandagar, Shamar va Ahmadobod bloklarida uglevodorod qidiruv ishlariga rasman start berildi.

Mazkur loyiha Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik iqtisodiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, mintaqaviy barqarorlik va energetik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim amaliy qadam sifatida baholanmoqda. Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan rasmiylar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, yaqin qo‘shnichilik va manfaatli hamkorlik tamoyillari izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladilar.

Tadbir davomida Balx viloyati rahbariyati, Konchilik va neft vazirligi mutasaddilari, “Uzbek Overseas Geology” kompaniyasi rahbariyati hamda Turkiyaning “Safir Drilling” kompaniyasi vakillari neft va gazga istiqbolli deb baholanayotgan Muhammad-Jandagar investision blokida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu hududda 600 kv.km maydonda 2D seysmik qidiruv tadqiqotlarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ishlar zamonaviy geofizik uskunalar va ilg‘or texnologiyalar asosida olib boriladi.

Mutaxassislar jalb etilgan maxsus texnikalar, yuqori aniqlikdagi seysmo-geofizik jihozlar imkoniyatlari bilan tanishib, 1-profil bo‘ylab qidiruv ishlarini boshlash uchun ramziy tugmani bosdilar. Shu tariqa, mazkur loyiha nafaqat sanoat salohiyatini oshirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy infratuzilmani rivojlantirish va investisiyaviy muhitni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Bo'lishish:
Text to speech