Xizmat safari davomida “UZBEK OVERSEAS GEOLOGY COMPANY” MChJ direktor o'rinbosari Avzal Mirabdullayev “Mon Аtom” davlat kompaniyasi vakillari bilan suhbatlashib, 2026-yil davomida Mo‘g‘uliston hududida uranga istiqbolli bo‘lgan maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish masalasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Xususan, joriy yil aprel oyida Hukumatlar o‘rtasida kutilayotgan yig‘ilishda ikki davlat Kon-geologiya vazirligi hamda tashkilotlari o‘rtasida strategik kelishuvni imzolash hamda strategik kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston “UZBEK OVERSEAS GEOLOGY COMPANY” MChJ va “Mon Аtom” davlat kompaniyasi o‘rtasida xizmat ko‘rsatish shartnomasini imzolagan holda uranga istiqbolli bo‘lgan maydonlar bo‘yicha zarur hujjatlar to‘plamini, xususan, geologik va ekologik loyihalarni ishlab chiqish, zarur bo‘lgan sertifikatlar, maʼlumotlarni jamlagan holda Mo‘g‘ulistonni litsenziya beradigan masʼul tashkilotiga hujjatlarni topshirishga kelishib olindi.
Aprel oyida bo‘ladigan yig‘ilish doirasida Strategik kelishuv va Xizmat ko‘rsatish shartnomasi imzolanib, “Monatom” davlat kompaniyasi ko'magida yuqorida aytib o‘tilgan loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi hamda kerakli litsenziyalarni olish uchun masʼul tashkilotlarga topshiriladi.
Shu bilan birga, rasmiylashtirilishi kutilayotgan litsenziyalarga asosan geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun Mo‘g‘uliston hududida faoliyat yuritadigan burg‘ulash va geofizika kompaniyalari bilan ham shartnoma imzolash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Joriy yilda tegishli litsenziyalarni rasmiylashtirish hamda Mo‘g‘uliston hududida uranga istiqbolli bo‘lgan maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Dastlabki ishlab chiqilgan loyiha hujjatlariga muvofiq, dastlabki bosqichda ajratilgan maydonlarda to‘liq kompleksda 60 000 metrga yaqin burg‘ulash ishlarini olib borish kutilmoqda. Dastlabki ishlar natijasiga muvofiq ushbu maydonlarning potensial zaxiralari miqdori aniqlanib, keyingi bosqichlar uchun aniqlashtirilgan geologiya-qidiruv ishlari dasturi ishlab chiqiladi.